0-12 yoshgacha bo’lgan bolalarning kitobxonligini rivojlantirish borasida tavsiyalar

O’tgan oy Toshkent shahar hokimiyati Jamoatchilik Kengashining Facebook sahifasida “Shaharda qanday me’morchilik, haykaltaroshlik obidalari/skulpturalar bo’lishini hohlaysiz?” ma’nosida jamoatchilikka savol berildi. Odamlar Nasriddin Afandidan tortib, “Yalla” guruhi, hatto chinor darahtiga yodgorlik o’rnatish kabi takliflar berildi. Ya’ni, xalq o’z qahramonlari, o’zi fahr bilan eslaydigan, sevadigan, befarq bo’lmagan, tez-tez eslab tursa quvonadigan, mehmonlar kelsa entikib hikoya qilib berishi mumkin bo’lgan qahramonlariga yodgorlik o’rnatishni istar ekan. Shular orasida afsuski, BIR dona ham bolalar uchun badiiy to’qima qahramoni yo’q.
‘Bolalar’ deb shartli ravishda 12 yoshgacha bo’lganlarni nazarda tutyabman. Rivojlangan davlatlar tajribasida bolalar kitoblari aynan 11 yoki 12 yoshgacha deb belgilanadi.
Farzandlarimga kitob o’qib berish, o’z kutubhonamizni tashkil etish istagida rastalarni oralab, kitob chop etish masalasida bir-ikki noshirlar bilan, rassomlar bilan uchrashib, yuqoridagi kabi misollarga duch kelaverib, bolalar kitobi muammosi naqadar o’tkir ekanligini qayta-qayta his qilyabman.
Yoshlar Ittifoqi tomonidan o’tgan yili uyushtirilgan tanlovni esa ‘Yosh kitobxon’ emas, ‘Yosh adabiyotshunos’ deb atagan bo’lar edim. Hakamlarning bari filologshartlar esa aynan adabiyotshunoslik borasida: 1-shart. “O‘zbek adabiyoti bilimdoni” sharti 2-shart. “Jahon adabiyoti bilimdoni” 3-shart. “Buyuk mutafakkir va adib” 4-shart. “She’riyat”. Shuningdek, tanlovda 10 yoshdan yuqori bo’lganlargina qatnasha oldi.
Hulosam quyidagicha: O’zbekistonda bolalar uchun mo’ljallangan, ularga mos tilda, turli mavzularda yozilgan, original va bolalar ko’ngliga o’tiradigan rasmlar bilan to’ldirilgan, poligrafik ijro sifati ham joyida bo’lgan BIR dona kitob yo’q.
Muammolar talaygina va ular orasida umumiy sabablar, bahonalar, boshqa tizimlarga bog’liq vajlar ham bor. Bularni umumlashtirib, to’rt turga bo’ldim va quyida ularning har biri bo’yicha imkon qadar qisqa va aniq fikrlarni berishga harakat qilaman. Zero, bolalarni kitobga oshno qilib, bu odatni erta yoshdan singdirish – insonni kitobxon bo’lib tarbiya topishida, shaxs sifatida yetilishida hamda fuqarolik jamiyati rivoji uchun suv va havodek zarurdir.
1. Talab va taklif
  • Muammo: O’zbekistonda 12 yoshgacha bo’lgan bolalar soni tahminan 5 milliiondan oshiq ekan. Bir dona ham faqat bolalar kitobini chop etish bilan shug’ullandigan nashriyot ham yo’q, o’sha gap – bir dona sifatli bolalar kitobi ham yo’q. Talab borasida kitob madaniyatini rivojlantirish ishlarini kuchaytirish lozim; taklif borasida esa – muammo ildizlari albatta har doimgiday moliyaviy.
  • Yechim:
    • Eng avvalo, tegishli idoralar (Xotin qizlar qo’mitasi, ular qatori Maktabgacha ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi va boshqalar) ota-onalarning o’z farzandlariga bolalik chog’idan kitob o’qib berishi muhimligi borasida tushuntirish ishlarini olib boribgina qolmay, bunga sharoit yaratish uchun kurashishlari ham lozim. O’sha uy mayli, ivirsiganicha qolsin, qaynona javramasin, lekin ona bolasiga kitob o’qib, keyin uhlatsin. O’sha ish mayli, ertaga qolsin, lekin ota o’z uyiga bolalar uhlab qolishidan avval bora olsin va u ham bu jarayonda qatnashsin. Bu hafta choyhona palov emas, uyda shavla bo’laqolsin, o’rniga 50,000 so’mga bolajonga sifatli kitob buyursin. Ikki hafta choyhonadan voz kechilsa, 100,000 so’mlik zo’r kitob keladi.
    • O’shanday sifatli kitoblarni “odamlar harid qilmaydi baribir, kuyib qolaman” deb o’rinli havotirga tushadigan nashriyotlar hech qachon chiqarmaydi. Shuning uchun, https://www.createspace.com/https://www.lulu.com/ kabi platformalarni joriy etish vaqti keldi. Bu kabi platformalar rivojlangan davlatlarda o’nlab topiladi. Ishlash mehanizmi oddiy: muallif kitob yozdi (siz yoki men); platforma unga tekinga ISBN berdi (hohlasa sotib oladi pulga – shunda 100% mualliflik huquqi muallifda bo’ladi); muallif kitobni platformadagi mavjud standard shaklli formatlardan biriga Word dasturi orqali ko’chirdi; kitobining narhini belgiladi; platforma (online nashriyot desa ham bo’ladi) har bir kitobdan olib qoladigan ulushini belgiladi. Tamom. Muallif 20 ta haridor topdi. Platforma orqali shuncha kitob pulini to’lab, sotib oladi. Keyin yana 200 ta haridor topdi. Jarayon davom etaveradi. Ba’zi platformalar kitobning elektron shaklini Amazon kabi online do’konlarga chiqarib ham beradi. Bu kabi platformalarning imkoniyatlari cheksiz. Eng asosiysi – ularni yo’lga qo’yib, nashriyotlar oligopoliyasiga barham berish, bozorning talab va taklif muvozanatini ta’minlash.
    • Shunigdek, Prezident Mirziyoyev aytib o’tganiday, hokimlar ham bog’cha va maktablarga borib kitoblar o’qisa (shuni yozib daxshatga tushdim – birorta hokim ham shu vaqtgacha qilmadi bu ishni – kitob o’qishni bilishmas ekanmikin-a?!) ; “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobhonlik madaniyatini oshirish hamda targ’ib qilish bo’yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to’g’risida” kabi o’ta muhim Prezident qarorlari ijrosi BOLALAR kitoblari rivojini ham nazarda tutsa; ushbu kabi ‘Bolalar kitobi yozuvchilari hamda rassomlari jamiyati’ kabi uyushmalar tashkil etilsa (homiylarga loyihalar taqdim etish ham shu kabi uyushmalar orqali amalga oshirilishi mumkin); ota-onalar uchun bolalarning yoshlariga mos qo’llanmalarni, kitob tavsiyalarini bir joyga jamlagan ahborot-resurs online platformasi yaratilsa – muammoni bartaraf etishga astoydil kirishgan bo’lamiz.
2. Kitobning poligrafik ijro sifati (qog’oz, ranglar, tikilishi, matnning bexato va tekkis terilishi va hok.)
  • Muammo talab va taklif negizida bo’lib, uning yechimi yuqorida aytib o’tilganiday, muallif o’zi nashr qilishi kabi online platformalarni yo’lga qo’yib, rivojlantirish va boshqa aytib o’tilgan usullarni amalda qo’llash orqali amalga oshadi.
3. Matn sifati
  • Muammo:
    • Lotin yozuvi qoidalarining mukammal va bir to’htamli emasligi; umuman o’zbek tilining yozma shakli og’zaki shakldan o’ta keskin farq qilishligi. Tilshunos-olim Eldar Asanov aytganiday«…ёзма тил маънавий меросни авлоддан авлодга ўтказишнинг қулай воситасидир. Шундай экан, ёзма тил кишилик маданиятида муҳим ўрин тутувчи кашфиётлиги шубҳасиз. У ўз вазифасини адо эта билиши учун мукаммал структурага эга бўлиши, доимий ривожлантириб борилиши зарур.»
    • Bolalar bilan so’zlashuvda kattalar bilan so’zlashuvdagi so’zlarning ishlatilishi
    • Mavjud ko’p ertak kitoblarida esa mantiqning oqsashi
    • Mavjud bolalar kitobida shuningdek, asosan adabiy usulning, so’zlarning ishlatilishi. Bu esa, natijada faqatgina genida adabiyotga moyilligi bor yoki ota-onasi ziyoli bo’lgan bolalarnigina kitobxon bo’lishiga erishishga olib keladi. Shu sababdan ‘kitobxonlik tanlov’lari faqatgina adabiyotshunoslar, so’z ustalari, ziyolilar orasida bo’laveradi. Biz esa, chekka qishloqlardagi, tog’ yon-bag’ridagi, umrida kitob ushlamagan oiladagi farzandlarni ham o’ylashimiz kerak. Bolalar kitobi matni aynan bolalar uchun mos bo’lishi lozim.
  • Yechim:
    • So’zlar bankining yaratilishi. Ya’ni, 0-3 yoshgacha; 3-5 yoshgacha; 5-7 yoshgacha; 7-12 yoshgacha bolalar kitoblarida yoshlar nisbatiga monand so’zlar banki tuzilishi, va yozuvchilar uchun tavsiya sifatida taqdim etilishi
    • Har bir bolalar uchun chop etilgan kitobda uning aynan qaysi yoshga mo’ljallanganligi borasida ma’lumot bo’lishligi
    • ‘Bolajon’ kanalidagi bolalarga mo’ljallangan dasturlar ham bolalar yoshiga mos leksikon/so’zlar ishlatishi.
    • Va albatta juda ham umid qilib qolaman – 25 yildan buyon muammo bo’lib kelayotgan lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosi tez orada yakuniy holatga keladi. Busiz kitobxonlik rivojlanmaydi.
4. Ilyustraciya/rasmlar sifati
  • Muammo:
    • Sifatli matn ham, sifatli rasm ham, umuman sifatli kitob qimmat turadi. Yana muammo moliyaviy jihatga ega bo’lib chiqyabdi.
    • Noshirlar va rassomlar bilan suhbatim davomida yana bir men o’ylamagan muammoni kashf qildim. Ularning gaplarini iqtibos o’laroq keltiraman: “Singlim, siz ko’rsatayotgan qahramonlar, ‘multyashniy’ deyiladi, menga ham yoqadi, lekin bozor o’tmaydi. Biznikilar mana bunday g’irt o’zbekona qahramonlarni hohlashadi” – deya Zumrad kabi chiroyli, Qimmat kabi hunik, o’g’il bolada ham labi g’uncha, bejirim kabi qahramonlardan misollar ko’rsatgan edi. Rassom esa: “Bir kun ayiqqa milliy urg’u beray deb chopon kiygizsam, bilasizmi komissiya nima dedi? – Sen o’zbeklarni hayvon demoqchimisan? – deb juda ko’nglimni og’ritdi.”
      • Hulosa: agar shunday komissiya bo’lsa va shu kabi e’tirozlar berib o’tirgan bo’lishsa, ularning, – kechirasizlar, – aqli joyida emas. Bolalarimiz chet elning bor multyashniy qahramonlarini sevib tomosha qilaversin, bayramlarda, hiyobonlarda ular odam bo’yi bo’lib sayr qilaversin, bizga baribir; asosiysi o’zimiz ishlab chiqarmasak bo’lgani. Shumi mantiq?! ‘Tachki’ mul’tfil’mini hamma biladi – rivojlangan davlatning hatto temir moshinasi ham gapirib yotibdi, bizda demak bolaning tasavvurini rivojlantirishga cheklov qo’yamiz. Aynan o’z madaniyatimizga hos tasavvuri rivojlanmasin, chet elniki bo’lsa, lekin – bo’laveradi. Mantiq yo’q.
  • Yechim: Va yana yuqorida ta’kidlab o’tilgan platformaga va boshqa usullarga qo’shimcha sifatida https://www.kickstarter.com/https://www.indiegogo.com/ kabi kraudfanding (crowdfunding) platformalarini ham yo’lga qo’yish lozim. Bularning ham mehanizmi oddiy: Muallif (siz yoki men) kitob chop etishni bir loyiha o’laroq tayyorlab, u haqida ma’lumotni, barcha ketadigan harajatlarni bir qilib, platformaga joylashtiradi va u orqali hohlovchilardan hayriya mablag’larini to’playdi. Bu kabi platformalarning ham imkoniyatlari cheksiz – asosiysi, ular hech yo’q kitob loyihalari uchun yo’lga qo’yilishi lozim.

Оставить комментарий

Ваш email нигде не будет показанОбязательные для заполнения поля помечены *

*

x

Check Also

Amaldagi darsliklar

2018 -2019 o’quv yili uchun darsliklarni yuklab oling